Prezident davlat stipendiyasi

Prezident davlat stipendiyasi qaysi kurs talabalariga beriladi? Prezident stipendiyasini olish tartibi
 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra har yili mamlakatimizda qobiliyatli yoshlarni rag‘batlantirish, ularni faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish, iqtidorli o‘quvchilar, talabalar va magistrantlarni qo‘llab-quvvatlash, hamda munosib taqdirlashga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

Har yili davlat oliy ta’lim muassasalarida butun o‘qishi davomida faqat a’lo baholarga o‘qiyotgan va ilmiy (ijodiy) ishlarda faol ishtirok etayotgan oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistrantura talabalari hamda tayanch doktorantlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari tayinlanib kelinmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari kimlarga beriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasalari (bakalavriat va magistratura, tayanch doktorantlarga) talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga binoan tayinlanadi.

Stipensiya qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha beriladi?

Bakalavrlar uchun  har bir OTMga bir nafar talabaga, magistrlar uchun  respublika miqyosida 22 ta tanlov yo'nalishi bo'yicha 22 nafar magistrga hamda tayanch doktorantlarga respublika bo'yicha 11 ta tanlov yo'nalishi bo'yicha 11 nafar tayanch doktorantga tayinlanadi.

Stipendiya qanday mezonlar asosida beriladi?

Talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:
(bakalavrlar uchun, faqatgina 4-bosqich talabalari ishtirok eta oladi)

  • 6 semestr davomida fanlarni to'liq "5" bahoda o'zlashtirgan bo'lishi(sosiy ko'rsatkich);
  • umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;
  • yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
  • kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi;
  • tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy chet tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari), bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi yoki magistraturadagi mutaxassislik xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;
  • O‘zbekiston tarixini bilish.
    magistrlar uchun, faqatgina 2-bosqich magistrlar ishtirok eta oladi
  • 2 ta semestr baholari to'liq "5" baho bo'lishi shart;
  • umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;
  • yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
  • kamida 4 ta e’lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi;
  • tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy chet tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari), bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi yoki magistraturadagi mutaxassislik xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;
  • O‘zbekiston tarixini bilish.
  • Informatika va axborot texnologiyalarini bilishi;
  • Dissertasiya mavzusining asosnomasi
    Tayanch doktorantlar uchun
  • dissertatsiya ishining 70% tayyor bo'lishi;
  • malakaviy imtihonlarni "5" bahoga topshirgan bo'lishi;
  • dissertasiya mavzusi doirasida kamida 4 ta ilmiy nashrlari mavjudligi;
  • tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy chet tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari), bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi yoki magistraturadagi mutaxassislik xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;
  • O‘zbekiston tarixini bilish.
  • Informatika va axborot texnologiyalarini bilishi;
  • Dissertasiya mavzusining asosnomasi.

Ushbu mezonlar bilish qanday aniqlanadi?

  • Tillarni, axborot texnologiyalarini, O‘zbekiston tarixini bilish bo‘yicha talab darajalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi belgilaydi.
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar ushbu fanlar bo‘yicha o‘z bilim darajasini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida  maxsus test sinovlari topshiradilar.
  • Markaz yakuniy vedomostlarni test sinovlari natijalari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.

Prezident davlat stipendiyasi uchun qanday hujjatlar topshirish kerak?

Talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga quyidagilarni topshiradilar:

  • Hemis tizimidan fanlarni o'zlashtirish qaydnomasi;
  • dekanat, kafedra tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish annotatsiyasi;
  • rahbarning fikr-mulohazalari;
  • ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari;
  • ilmiy (ijodiy) yutuqlar nusxasi (diplom, sertifikat, tashakkurnoma va h.k)

Talaba oliygohda Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limiga hujjatlarni topshiradi. Barcha hujjatlar bosma va elektron nusxada taqdim qilinadi. Hujjatlarning  to‘plami jildga joylanadi, jild muqovasida ishni taqdim qilgan muassasaning nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, ishning nomi ko‘rsatiladi. Talaba tahsil olayotgan oliygoh o‘zining talablaridan kelib chiqqan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilishi mumkin.

Hujjatlarni ko‘rib chiqish ketma-ketligi qanday amalga oshiriladi?

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga nomzodlar ko‘rsatish, OTMda saralash tanlov natijalari o'tkaziladi va yakuniy xulosa uchun ilmiy kengashga taqdim etiladi;
  • OTM ilmiy kengashi ochiq ovoz berish yo'li bilan har bir kvotaga 3 nafargacha nomzodni tanlovning respublika bosqichiga tavsiya etadi.
  • Tanlovning respublika bosqichida ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish  orqali, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalarini tayinlash uchun stipendiatlar nomzodlarini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar.
  • Ilmiy kengashlar qarorlari vazirliklar va muassasalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tavsiyanoma yuborishi uchun asos hisoblanadi.
  • Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi hay’ati qarori bilan amalga oshiriladi.

  • Stipendiyalar tayinlanishidan avval talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiq bilim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarlik darajasi puxta ekspertizadan o‘tkaziladi.

  • Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

    - maxsus tanlov komissiyasi tuzadi;

    - talabgorlarning ta’lim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarligi darajasini baholash maqsadida yo‘nalishlar bo‘yicha ekspertlar guruhlari tuzadi;

    - Davlat test markazi bilan birgalikda axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi, xorijiy tillar bo‘yicha imtihon komissiyalarini tashkil etadi, test topshiriqlarini ishlab chiqadi;

    - tanlov komissiyasi va ekspert guruhlarining ish tartibini belgilaydi;

    - tanlov komissiyasi majlislarini o‘tkazish muddatlarini belgilaydi.

  • Tanlov komissiyasi talabgorlarning yakuniy tanlovini yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazadi hamda talabgor va uning ishi uchun ovoz berishda ishtirok etgan komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovoz berganda talabalar nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun tavsiya qiladi.

  • Agar ovoz berishdan so‘ng talabgorlar soni belgilangan kvotadan ko‘p bo‘lsa, ustunlik eng ko‘p ovoz olgan talabgorlarga beriladi.

  • Tanlov komissiyasining qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi hay’ati tasdiqlagandan so‘ng kuchga kiradi.

  • Tanlov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohibi bo‘lolmagan, lekin eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan tanlov qatnashchilarini boshqa davlat stipendiyalariga tavsiya qilish huquqiga ega.

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi hay’atining qarori davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqida buyruq tayyorlashi uchun asos bo‘ladi.

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari talabalarga har yili, bir o‘quv yili uchun, 1-sentabrdan boshlab, belgilangan miqdorlarga qat’iy rioya qilingan holda tayinlanadi.

Vazirlik tomonidan qachon ko‘rib chiqiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Hujjatlarni qabul qilish muddati — 1—15-avgust, ko‘rib chiqish muddati — 10—25-sentabr.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga “Prezident stipendiyasining sohibi” guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi hay’ati majlisida tantanali ravishda topshiriladi.

Stipendiat bo‘lgan talabalarga qanday imtiyozlar bor?

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohiblari bo‘lgan bakalavriat talabalari oliy ta’lim muassasasini bitirgach, ikki yil davomida magistraturaga davlat granti asosida, magistratura talabalari tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarisiz,  tayanch doktorantlar doktoranturaga kirish imtihonlarisiz  O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga o‘qitish uchun qabul kvotasidan tashqari qabul qilinadi.
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgan talabalar o‘qishni tamomlagandan so‘ng ikki yil mobaynida magistraturada (bakalavr-stipendiatlar uchun) o‘qishni davom ettirish maqsadida xorijga yuborilish huquqini saqlab qoladilar.

DIQQAT: Kundalik darslarni o‘zlashtirmaydigan, o‘quv intizomini va ilmiy odob-axloqni buzgan talabalarni o‘quv yili mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalaridan mahrum qilish tasarrufida talaba o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hay’ati qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.